← Orqaga
Ommaviy oferta

Foydalanish shartlari va ommaviy oferta

Tahrir 2.2 · 29-sentabr 2026 · kuchga kirish sanasi — e'lon qilingan kun

Ushbu hujjat Flamona xizmatidan foydalanish shartlarini belgilaydi va O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi. Ro'yxatdan o'tish yoki xizmatdan foydalanish orqali siz ushbu shartlarni to'liq qabul qilasiz.

1Umumiy qoidalar va ofertani qabul qilish

  1. 1.1

    Ushbu hujjat O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367–370-moddalariga muvofiq ommaviy oferta (taklif) hisoblanadi va flamona.app saytida hamda Flamona ilovasida e'lon qilinadi.

  2. 1.2

    Oferta quyidagi harakatlardan biri bilan qabul qilinadi (aksept): ro'yxatdan o'tish formasida shartlarga rozilik belgisini qo'yish, Google orqali kirish, xizmatdan foydalanishni boshlash yoki tarif uchun to'lov qilish. Aksept qilingan paytdan boshlab Foydalanuvchi va Flamona o'rtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

  3. 1.3

    Agar shartlarning biror qismiga rozi bo'lmasangiz, xizmatdan foydalanmang.

  4. 1.4

    Xizmat ko'rsatuvchi — Flamona loyihasi (keyingi o'rinlarda «Flamona», «biz»). Xizmat ko'rsatuvchining to'liq rekvizitlari (nomi, STIR, yuridik manzili) davlat ro'yxatidan o'tkazilgach ushbu hujjatning «Aloqa va rekvizitlar» bo'limiga qo'shiladi.

  5. 1.5

    Hujjat o'zbek va ingliz tillarida e'lon qilinadi. Matnlar o'rtasida farq bo'lsa, o'zbek tilidagi matn ustun turadi.

2Atamalar

  1. 2.1

    «Xizmat» — flamona.app sayti, Flamona ilovasi, ularning barcha sahifalari, funksiyalari, AI imkoniyatlari va markazlar paneli.

  2. 2.2

    «Foydalanuvchi», «siz» — xizmatda ro'yxatdan o'tgan yoki undan foydalanayotgan jismoniy shaxs.

  3. 2.3

    «Markaz» — Flamona bilan alohida kelishuv asosida xizmatdan o'z o'quvchilari uchun foydalanadigan o'quv markazi yoki ta'lim tashkiloti.

  4. 2.4

    «Materiallar» — xizmatdagi barcha darslar, jadvallar, qoidalar, mashqlar, testlar, nazorat bekatlari, o'yinlar, so'z ro'yxatlari va lug'at kartalari (jumladan «Flamona Words» seriyasi), audio va ovoz yozuvlari, maqolalar, videolar tanlovi va ularga yozilgan savollar, tasvirlar, naqshlar, 3D ikonlar, dizayn, matnlar, dasturiy kod va ma'lumotlar bazalari.

  5. 2.5

    «Tarif» — pullik obuna rejasi (masalan, Standard, Pro, Ultra) yoki qo'shimcha xizmat (masalan, speaking daqiqalari paketi).

  6. 2.6

    «AI» — sun'iy intellekt asosidagi funksiyalar: ustoz, suhbat, Speaking mock, yozma ishni baholash va boshqalar.

3Akkaunt va xavfsizlik

  1. 3.1

    Xizmatdan to'liq foydalanish uchun akkaunt kerak. Haqiqiy elektron pochta manzilini ko'rsating — parolni tiklash va muhim xabarlar shu manzil orqali yuboriladi.

  2. 3.2

    Bitta akkaunt — bitta shaxs uchun. Akkauntni boshqa shaxsga berish, sotish, ijaraga berish yoki bir nechta kishi bo'lib ishlatish taqiqlanadi. Bir tarifni bir necha kishi ishlatayotgani aniqlansa, tarif pul qaytarilmasdan to'xtatilishi mumkin.

  3. 3.3

    Parolingiz maxfiyligi uchun o'zingiz javobgarsiz. Akkauntingizdan qilingan harakatlar siz tomoningizdan qilingan hisoblanadi. Akkauntga ruxsatsiz kirish sezsangiz, darhol bizga yozing.

  4. 3.4

    14 yoshga to'lmagan shaxslar xizmatdan faqat ota-onasi yoki qonuniy vakili roziligi va nazorati ostida foydalanadi. 18 yoshga to'lmaganlar tarif uchun to'lovni faqat ota-onasi yoki qonuniy vakili roziligi bilan amalga oshiradi. Ro'yxatdan o'tishda voyaga yetmagan shaxs ota-onasi roziligi borligini tasdiqlaydi.

  5. 3.5

    Biz xavfsizlik uchun kirish urinishlarini cheklashimiz, shubhali faollikni tekshirishimiz va zarur bo'lsa akkauntni vaqtincha to'xtatib turishimiz mumkin.

4Xizmat mazmuni

  1. 4.1

    Bepul qism: o'quv yo'llari va darslar, o'yinlar, nazorat bekatlari, lug'at va uning ovozi, maqolalar, videolar, Clock va boshqa sahifada «bepul» deb belgilangan imkoniyatlar — belgilangan cheklovlar bilan.

  2. 4.2

    Pullik tariflar AI imkoniyatlarini (dars ichidagi AI ustoz, jonli AI speaking daqiqalari, IELTS Speaking mocklari, yozma ishni AI baholashi va boshqalar) belgilangan hajmda qo'shadi. Har bir tarif tarkibi va hajmi narxlar sahifasida ko'rsatiladi.

  3. 4.3

    «Tez orada» deb belgilangan funksiyalar reja hisoblanadi va ularni ma'lum sanada ishga tushirish majburiyatini bildirmaydi.

  4. 4.4

    Biz xizmatni doimiy yaxshilaymiz: sahifalar, darslar va funksiyalar o'zgarishi, qo'shilishi yoki olib tashlanishi mumkin. Pullik tarif tarkibidagi asosiy imkoniyat to'lov qilingan davr ichida sizga zarar keltiradigan tarzda qisqartirilmaydi.

5Tariflar, narxlar va to'lov

  1. 5.1

    Narxlar O'zbekiston so'mida flamona.app sahifasidagi «Narxlar» bo'limida e'lon qilinadi va ushbu ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi.

  2. 5.2

    To'lov sahifada ko'rsatilgan usullar orqali amalga oshiriladi. To'lov tasdiqlangach tarif akkauntingizga faollashtiriladi. Tarif muddati faollashtirilgan kundan boshlab hisoblanadi.

  3. 5.3

    Tarif avtomatik uzaytirilmaydi: muddat tugagach, uni o'zingiz yangilaysiz. Muddat tugasa, pullik imkoniyatlar to'xtaydi, lekin progressingiz va yozuvlaringiz o'chirilmaydi.

  4. 5.4

    Chegirma va aksiyalar e'londa ko'rsatilgan muddat va shartlar bilan amal qiladi.

  5. 5.5

    Tarif doirasidagi hajmlar (tokenlar, daqiqalar, mocklar) ko'rsatilgan davr uchun beriladi; ishlatilmagan qismi keyingi davrga o'tkazilmaydi, agar sahifada boshqacha yozilmagan bo'lsa.

  6. 5.6

    Narxlar kelajakda o'zgarishi mumkin. O'zgarish allaqachon to'langan davrga ta'sir qilmaydi.

6Pulni qaytarish

  1. 6.1

    To'lovdan keyin 3 kalendar kun ichida murojaat qilsangiz va shu vaqt ichida tarifning pullik AI imkoniyatlaridan (AI ustoz, jonli speaking, mock, AI baholash) foydalanmagan bo'lsangiz, to'lov to'liq qaytariladi.

  2. 6.2

    Xizmat bizning aybimiz bilan uzoq muddat (ketma-ket 72 soatdan ortiq) ko'rsatilmasa, ko'rsatilmagan davr uchun mutanosib qism qaytariladi yoki tarif muddati uzaytiriladi — sizning tanlovingiz bo'yicha.

  3. 6.3

    Shartlar buzilgani (masalan, akkauntni bo'lishish yoki materiallarni o'g'irlash) sababli tarif to'xtatilsa, pul qaytarilmaydi.

  4. 6.4

    Qaytarish so'rovi hello@flamona.app manziliga yuboriladi va 10 ish kuni ichida ko'rib chiqiladi. Pul to'lov qilingan usul orqali qaytariladi.

  5. 6.5

    Ushbu bo'lim O'zbekiston Respublikasining «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi qonunida belgilangan huquqlaringizni cheklamaydi.

7Intellektual mulk va materiallarni himoya qilish

  1. 7.1

    Barcha materiallar, «Flamona» nomi, logotip (boyqush), dizayn, naqshlar, dars tuzilmasi va ularning tanlovi hamda joylashuvi, so'z bazalari va boshqa ma'lumotlar bazalari, dasturiy kod — Flamona yoki uning litsenziarlarining mulki bo'lib, O'zbekiston Respublikasining «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida»gi qonuni (2006-yil 20-iyuldagi O'RQ-42-son), Fuqarolik kodeksi va xalqaro shartnomalar bilan himoya qilinadi. Mualliflik huquqi asar yaratilgan paytdan boshlab, ro'yxatdan o'tkazishsiz vujudga keladi.

  2. 7.2

    Sizga faqat shaxsiy, notijorat o'qish uchun, xizmat ichida, tarif muddati davomida amal qiladigan, boshqaga berib bo'lmaydigan, eksklyuziv bo'lmagan cheklangan huquq (litsenziya) beriladi. Materiallarga egalik huquqi sizga o'tmaydi.

  3. 7.3

    Quyidagilar qat'iyan taqiqlanadi: materiallarni to'liq yoki qisman nusxalash, ko'chirib yozish, skrinshot, ekran yozuvi, yuklab olish yoki boshqa usulda ko'paytirib, Telegram kanallari, guruhlar, ijtimoiy tarmoqlar, saytlar yoki boshqa joylarda e'lon qilish va tarqatish.

  4. 7.4

    Materiallarni sotish, ijaraga berish, pullik yoki bepul kurslarda, o'quv markazlarida, repetitorlik darslarida, kitob, qo'llanma yoki ilovalarda Flamonaning yozma ruxsatisiz ishlatish taqiqlanadi.

  5. 7.5

    Materiallardan, testlar va savollar bazasidan hamda so'z bazasidan hosila asarlar (tarjima, qayta ishlash, «o'xshash» kurs) yaratish, ularni sun'iy intellekt modellarini o'qitish yoki ma'lumotlar to'plamiga kiritish uchun ishlatish taqiqlanadi.

  6. 7.6

    Bot, skript, skreyper yoki boshqa avtomatik vositalar bilan materiallarni yig'ish, xizmatning kodini teskari muhandislik (reverse engineering) qilish, himoya vositalarini chetlab o'tish, mualliflik belgilarini va suv belgilarini olib tashlash taqiqlanadi.

  7. 7.7

    Materiallarni himoya qilish uchun biz nusxalangan matnga manba belgisini qo'shishimiz, materiallarga ko'rinadigan yoki ko'rinmaydigan belgilar (suv belgilari) joylashtirishimiz va kirish jurnallarini yuritishimiz mumkin — tarqalgan nusxaning qaysi akkauntdan chiqqanini aniqlash uchun.

  8. 7.8

    Taqiqlar buzilsa, Flamona: akkauntni ogohlantirishsiz va pul qaytarmasdan bloklashi; noqonuniy joylashtirilgan materiallarni o'chirishni talab qilishi va vakolatli davlat organlariga murojaat qilishi; «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida»gi qonunga muvofiq zararni yoki qonunda belgilangan kompensatsiyani undirishi; O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi (177-modda) va Jinoyat kodeksi (149-modda va tegishli moddalar) asosida javobgarlikka tortish uchun murojaat qilishi mumkin.

  9. 7.9

    Materiallarimiz ruxsatsiz tarqatilganini ko'rsangiz, hello@flamona.app manziliga havola bilan yozing.

  10. 7.10

    IELTS, TOEFL va boshqa imtihon nomlari tegishli egalarining savdo belgilari hisoblanadi. Flamona ular bilan bog'liq emas, ular tomonidan tasdiqlanmagan va rasmiy imtihon materiallaridan foydalanmaydi.

8Sizning kontentingiz

  1. 8.1

    Siz yozgan matnlar, insholar, izohlar, ovoz yozuvlaringiz va progressingiz — sizniki.

  2. 8.2

    Xizmat ishlashi uchun (saqlash, ko'rsatish, AI orqali baholash va javob berish) sizning kontentingizni qayta ishlashimizga ruxsat berasiz. Bu ruxsat faqat shu maqsadlar uchun amal qiladi.

  3. 8.3

    Izoh yoki hikoyangiz Flamona sahifalarida faqat alohida roziligingiz bilan e'lon qilinadi; roziligingizni istalgan payt qaytarib olishingiz mumkin.

  4. 8.4

    Boshqalarning huquqlarini buzadigan, noqonuniy, haqoratli yoki shaxsiy ma'lumotlarni oshkor qiladigan kontent yubormang. Bunday kontent o'chirilishi mumkin.

9Foydalanish qoidalari

  1. 9.1

    Xizmatdan faqat qonuniy maqsadlarda, o'qish uchun foydalaning.

  2. 9.2

    Xizmatni buzish, ortiqcha yuklash, zaifliklarni izlash, boshqa foydalanuvchilarning ma'lumotlariga kirishga urinish taqiqlanadi.

  3. 9.3

    AI dan imtihonda ko'chirish uchun material tayyorlash, boshqalarni aldash yoki qonunga zid maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.

  4. 9.4

    Boshqa foydalanuvchilar, ustozlar va markaz xodimlariga hurmat bilan munosabatda bo'ling.

10Sun'iy intellekt (AI)

  1. 10.1

    AI javoblari va baholari maslahat va ma'lumot uchun beriladi. Ular huquqiy ahamiyatga ega qaror emas va xato bo'lishi mumkin — muhim narsalarni tekshiring (O'zbekiston Respublikasining 2026-yil 21-yanvardagi 1115-son qonuni talablariga muvofiq).

  2. 10.2

    AI band bahosi va Speaking mock natijasi — rasmiy mezonlarga yaqinlashtirilgan taxmin; rasmiy IELTS yoki boshqa imtihon natijasi emas va unga kafolat bermaydi.

  3. 10.3

    AI shifokor, yurist yoki moliyaviy maslahatchi emas. Unga boshqa odamlarning shaxsiy ma'lumotlarini yubormang.

  4. 10.4

    AI xizmatlarini uchinchi tomon texnologik provayderlari taqdim etadi; so'rovingiz javob olish uchun ularga uzatiladi (11-bo'limga qarang).

11Shaxsiy ma'lumotlar va maxfiylik

  1. 11.1

    Shaxsiy ma'lumotlar O'zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi qonuniga (2019-yil 2-iyuldagi O'RQ-547-son, o'zgartirishlar bilan) muvofiq qayta ishlanadi. Ofertani qabul qilish orqali siz quyida ko'rsatilgan maqsadlarda ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik berasiz.

  2. 11.2

    Qayta ishlanadigan ma'lumotlar: ism, elektron pochta, siz ko'rsatgan maqsad va daraja, o'qish progressi, siz yozgan matnlar va AI ga yuborilgan so'rovlar, speaking mashqlaridagi ovoz (faqat mashq va baholash uchun), markaz orqali o'qisangiz — markaz ma'lumotlari, ariza qoldirsangiz yoki Telegram orqali ro'yxatdan o'tsangiz — telefon raqamingiz (Telegram orqali — Telegram ID raqamingiz ham), texnik ma'lumotlar (qurilma, brauzer, kirish vaqti).

  3. 11.3

    Maqsadlar: akkauntni yuritish, o'qitish va progressni saqlash, AI javoblari va baholash, to'lovni hisobga olish, xavfsizlik, xizmatni yaxshilash uchun umumlashtirilgan statistika, siz tanlagan markazga ariza yuborish.

  4. 11.4

    Biz biometrik identifikatsiya qilmaymiz: ovoz yozuvlari shaxsni aniqlash uchun ishlatilmaydi.

  5. 11.5

    Ma'lumotlaringizni sotmaymiz va reklama uchun ishlatmaymiz. Ular faqat xizmat ishlashi uchun zarur bo'lgan provayderlarga uzatiladi: ma'lumotlarni saqlash va autentifikatsiya, hosting va sahifa statistikasi, sun'iy intellekt xizmatlari hamda tashqi akkaunt orqali kirish (agar siz shu usulni tanlasangiz) provayderlari. Provayderlarning aniq ro'yxati Foydalanuvchining yozma so'roviga binoan taqdim etiladi. Bu provayderlar serverlari O'zbekistondan tashqarida joylashgan bo'lishi mumkin; transchegaraviy saqlash va uzatish qonunda belgilangan talablarga (jumladan, 2026-yil 26-martdagi 1125-son qonun bilan kiritilgan o'zgartirishlarga) muvofiq amalga oshiriladi.

  6. 11.6

    Markaz orqali o'qisangiz, markaz xodimlari sizning o'quv natijalaringiz, davomatingiz va vazifalaringizni ko'radi. Markazga ariza qoldirsangiz, ismingiz, telefoningiz, darajangiz va maqsadingiz faqat o'sha markazga yuboriladi.

  7. 11.7

    Markaz orqali o'qisangiz va ustozingiz speaking vazifasi bersa, shu vazifa uchun qilgan suhbatingiz (sizning ovozingiz va Flamona ovozi) yozib olinadi va @Flamonabot orqali Telegram'da shu ustozga yuboriladi. Bu haqda vazifa boshlanishidan oldin aytiladi; Flamona yozuvni o'zida saqlamaydi.

  8. 11.8

    Sizning huquqlaringiz: ma'lumotlaringiz haqida ma'lumot olish, ularni tuzatish, qayta ishlashga roziligingizni qaytarib olish va akkauntni o'chirishni talab qilish. Akkauntni o'zingiz o'chirishingiz mumkin: Profil → «Hisobni o'chirish» yoki flamona.app/account-delete (7 kun ichida bekor qilsa bo'ladi, keyin akkaunt va ma'lumotlar o'chiriladi). Boshqa so'rovlar hello@flamona.app manziliga yuboriladi va qonunda belgilangan muddatda, lekin 30 kundan kechiktirmay bajariladi.

  9. 11.9

    Akkaunt o'chirilganda shaxsiy ma'lumotlar 30 kun ichida o'chiriladi, qonun bo'yicha saqlanishi shart bo'lgan ma'lumotlar (masalan, to'lov hisobi) bundan mustasno.

  10. 11.10

    Qurilmangizda sozlamalar va sessiyani saqlash uchun brauzer xotirasi (localStorage) va zarur cookie fayllar ishlatiladi. Reklama kuzatuvchilarini ishlatmaymiz; sahifa statistikasi shaxsni aniqlamaydigan tarzda yig'iladi.

  11. 11.11

    Ma'lumotlarni himoya qilish uchun shifrlangan ulanish, kirish huquqlarini cheklash va boshqa tashkiliy-texnik choralarni qo'llaymiz.

12O'quv markazlari

  1. 12.1

    Markaz xizmatdan alohida kelishuv (tarif, o'rinlar soni, to'lov) asosida foydalanadi. O'rinlar faqat o'quvchilar uchun: markaz xodimlari (admin, menejer, ustoz) o'rin egallamaydi, to'langan o'rinlardan ortiq o'quvchi faol bo'la olmaydi; o'rinlar sonini o'zgartirish keyingi to'lovdan kuchga kiradi. To'langan davr oxirida ishlatilmagan speaking fondi markazning daqiqa bankiga o'tadi va 60 kun amal qiladi (bankdagi bunday qoldiq bir davrlik fonddan oshmaydi); demo davrining fondi o'tkazilmaydi. Markaz o'z o'quvchilari va xodimlari ma'lumotlarini qonunga muvofiq qayta ishlash, o'quvchilarni xizmat bilan tanishtirish va zarur rozilikni olish uchun javobgar.

  2. 12.2

    Markaz o'quvchisi uchun ushbu shartlar to'liq amal qiladi. Markaz bilan munosabat tugasa, o'quvchining shaxsiy akkaunti va progressi saqlanib qoladi.

  3. 12.3

    Markaz xodimlari materiallarni faqat Flamona ichida o'quvchilari bilan ishlash uchun ishlatadi; materiallarni markazning boshqa kurslari, bosma qo'llanmalari yoki kanallarida ko'chirib tarqatish 7-bo'limga muvofiq taqiqlanadi.

13Xizmat mavjudligi va javobgarlikni cheklash

  1. 13.1

    Xizmat «mavjud holatida» taqdim etiladi. Biz uzluksiz ishlashga harakat qilamiz, lekin texnik ishlar, provayderlardagi nosozliklar yoki bizga bog'liq bo'lmagan sabablar tufayli uzilishlar bo'lishi mumkin.

  2. 13.2

    Qonun ruxsat bergan darajada Flamona bilvosita zararlar, boy berilgan foyda, imtihon natijasi yoki AI javobiga tayanib qilingan qarorlar oqibatlari uchun javobgar emas.

  3. 13.3

    Har qanday holatda Flamonaning javobgarligi siz so'nggi 3 oy ichida xizmat uchun to'lagan summa bilan cheklanadi, qonunda boshqacha belgilangan holatlar bundan mustasno.

  4. 13.4

    Yengib bo'lmas kuch holatlari (tabiiy ofatlar, davlat organlari qarorlari, keng ko'lamli tarmoq uzilishlari va boshqalar) majburiyatlarni bajarmaslik uchun javobgarlikdan ozod qiladi.

14Akkauntni to'xtatish va shartnomani bekor qilish

  1. 14.1

    Siz istalgan payt xizmatdan foydalanishni to'xtatishingiz va akkauntni o'chirishni so'rashingiz mumkin.

  2. 14.2

    Shartlar jiddiy yoki takroran buzilsa (ayniqsa 3, 7 va 9-bo'limlar), Flamona akkauntni ogohlantirish bilan yoki ogohlantirishsiz to'xtatishi yoki bloklashi mumkin.

  3. 14.3

    Shartnoma bekor qilinganda 7-bo'lim (intellektual mulk), 13-bo'lim (javobgarlik) va 16-bo'lim (nizolar) o'z kuchida qoladi.

15Shartlarning o'zgarishi

  1. 15.1

    Biz shartlarni yangilashimiz mumkin. Muhim o'zgarishlar kuchga kirishidan kamida 7 kun oldin ilovada yoki elektron pochta orqali e'lon qilinadi. Kichik tahririy tuzatishlar darhol kuchga kiradi.

  2. 15.2

    O'zgarishlar kuchga kirgach xizmatdan foydalanishni davom ettirish yangi tahrirni qabul qilish hisoblanadi. Rozi bo'lmasangiz, akkauntni o'chirishingiz va 6-bo'limga muvofiq to'lanmagan davr uchun qaytarishni so'rashingiz mumkin.

16Nizolarni hal qilish va qo'llaniladigan huquq

  1. 16.1

    Ushbu shartlarga O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo'llaniladi.

  2. 16.2

    Nizolar avval muzokara yo'li bilan hal qilinadi: talabnomani hello@flamona.app manziliga yuboring, biz 15 ish kuni ichida javob beramiz.

  3. 16.3

    Kelishuvga erishilmasa, nizo O'zbekiston Respublikasining vakolatli sudida qonunda belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi. Iste'molchi sifatidagi huquqlaringiz saqlanadi.

Aloqa va rekvizitlar

Savollar, pul qaytarish, ma'lumotlarni o'chirish yoki huquqbuzarlik haqida xabar: hello@flamona.app

Xizmat ko'rsatuvchi rekvizitlari (nomi, STIR, manzil) davlat ro'yxatidan o'tkazilgach shu yerga qo'shiladi.